Janubiy Koreya 2023 yilda 110 000 nafar ishchini jalb qilishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreya 2023 yilda 110 000 nafar ishchini jalb qilishni rejalashtirmoqda

Ko'rilgan: 203591

Janubiy Koreya 2023 yilda 110 000 nafar ishchini jalb qilishni rejalashtirmoqda, jumladan, O‘zbekiston ham bu mamlakatga ishchi jo‘natayotgan 16 davlat qatoriga kiradi.

Janubiy Koreyada “Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati” tomonidan seminar tashkil etilib, ushbu seminarda E-9 vizasi asosida ishchi kuchi jo‘natayotgan 16 mamlakatdan tashkilot rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Bu haqida Dunyo axborot agentligi o`z sahifasida ma`lum qildi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Koreya tomonidan vakil 2022-yilda ishga kirish uchun ruxsatnoma tizimi (EPS) natijalari va 2023-yilga mo‘ljallangan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tizim tarixida birinchi marta 2023-yilda E-9 vizasi bo‘yicha Koreyaga ishchi kuchi yuboruvchi 16 davlat uchun umumiy kvotalar soni 110 mingta qilib belgilandi.

Bu, o‘z navbatida, Janubiy Koreyaga ishchi jo‘natayotgan davlatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi, fuqarolarni mamlakatimizga kirishidan oldin o‘qitish va kurslarga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini talab etadi.

Avvalroq, 2023-yilda Buyuk Britaniyaga O‘zbekistondan 1500 nafar ishchi jalb etilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi.

17-yanvar kuni birinchi 24 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Buyuk Britaniyadagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga mavsumiy ishlarga jo‘natildi.

Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan fuqarolarni xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb qilish, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.

Xorijiy vakolatli tashkilotlar va ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Bolgariya, Finlyandiya, Latviya, Polsha, Serbiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning 112 ta tashkiloti bilan 15 000 dan ortiq bo‘sh ishchi o‘rni belgilab olindi.

2022-yilda Rossiya Federatsiyasi, Angliya, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston mamlakatlarda 36 000 nafarga yaqin fuqaro muddatli ish bilan ta’minlandi.

Shuningdek, muzokaralar natijasida 63 nafari Germaniyaga, 78 nafar nomzod Angliyaga, 4901 nafar fuqaro Koreyaga mehnat uchun jo`natildi.

Hozirgi vaqtda chet elda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarga Germaniya, Ruminiya, Vengriya, Angliya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida ish taklif etilmoqda.



Do'stlaringiz bilan bo'lishing

Tegishli Vakansiyalar

Iltimos, menga qo'ng'iroq qil!